25-martda Toshkent xalqaro investitsiya forumining ikkinchi kuni oʻtdi. Uning doirasida 15 dan ortiq tadbir, jumladan, davra suhbatlari, uchrashuvlar, muloqotlar, panel muhokamalari, hujjatlarni imzolash marosimlari boʻlib oʻtdi.
“Transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirishning yangi bosqichi” mavzuidagi davra suhbati logistika sohasidagi muhim voqea boʻldi.
Muhokamada Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri Ilhom Mahkamov, Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari Badriddin Obidov, Pokiston Milliy assambleyasi aʼzosi Muhammad Yoqub Shayx, “Kazaxstan Temir Jolы” AJ boshqaruvi raisi Nurlan Sauranbayev va TRACECA Hukumatlararo komissiyasi Bosh kotibi Aset Asavbayevlar soʻzga chiqdi.
Moderator rolini OTBning Markaziy va Gʻarbiy Osiyo boʻyicha Bosh direktori Yevgeniy Jukov bajardi.
Uchrashuvda temir yoʻl, havo, avtomobilda yoʻlovchi va yuk tashishni faol rivojlantirishning asosiy ustuvor yoʻnalishlari, logistika xizmatlarini modernizatsiya qilish uchun raqamli infratuzilmani takomillashtirishning dolzarbligi, logistika salohiyatini kengaytirish uchun eng jozibador moliyalashtirish modellari muhokama qilindi.
Oʻtmishda Markaziy Osiyo mintaqasi allaqachon Osiyo sivilizatsiyasida mustahkamlovchi rol oʻynagan. Bu yer Buyuk Ipak yoʻlining markaziy bogʻlovchi tuguni, logistika markazi deb atalgan edi. U nafaqat moddiy boyliklar, balki nomoddiy boyliklar – Yevrosiyo xalqlarining tajribasi, yutuqlari va ilmiy fikrlarini ham olib oʻtdi. Bugungi kunda Oʻzbekiston ham Markaziy Osiyoning qoq markazida qulay geografik joylashuvni egallaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri Ilhom Mahkamov:
– Toshkent xalqaro investitsiya forumining transport platformasi davlat organlari va xususiy kompaniyalar hamkorligini kengaytirish imkoniyatidir. Forum tinglovchilari bilan transport tizimini rivojlantirish bosqichlariga oid masalalarni muhokama qilish oʻzaro manfaatli aloqalarni yoʻlga qoʻyish va samarali ishlarni amalga oshirishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari rivojlanmoqda va iqtisodiyotning izchil oʻsishi transport-kommunikatsiya tizimini takomillashtirishni taqozo etmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy Osiyoning barcha davlatlariga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkoniyatiga ega boʻlgan yagona davlat boʻlib, Xitoy, Yevropa va boshqa davlatlar oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish uchun yaxshi koʻprik boʻla oladi.
Vazir, shuningdek, tadbirkorlik sohasi vakillariga murojaat qilib, ayniqsa, dunyoda kechayotgan globallashuv jarayonlari mahalliy transport tizimlarini xalqaro transport tizimlariga integratsiyalashuvini taqozo etishini taʼkidladi. IT-yechimlarni faol joriy etish nafaqat unumdorlik va sifatni oshiradi, balki tejamkor qadamdir.
Shuningdek, u agentlik xususiy sektor bilan muloqotga ochiqligini va ularning transport sohasini takomillashtirishdagi ishtirokini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashiga tayyorligini taʼkidladi.
Bu yoʻnalishdagi takomillashtirishga elektron hujjat aylanishi va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish orqali erishish mumkin, dedi OTBning Markaziy va Gʻarbiy Osiyo boʻyicha bosh direktori Yevgeniy Jukov.
Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari Badriddin Obidov “Shimol-Janub” transport yoʻlagining asosiy ustuvor yoʻnalishlari, transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirishning qiyinchiliklari va kelgusidagi rejalar haqida aytib oʻtdi.
Vazir oʻrinbosari mamlakatning savdo yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilishning yangi usullarini izlash niyatini qayd etdi. Oʻzbekiston oʻz oldiga koʻplab vazifalar va maqsadlar qoʻygan rivojlanayotgan davlat boʻlganligi sababli yuk tashish samaradorligini oshirish uchun respublika Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan kuchlarini birlashtirishi kerak.
Kobul bilan savdo yoʻlini rivojlantirish, Pokiston va Janubi-Sharqiy Osiyo bilan savdoni osonlashtirish boʻyicha katta ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, Oʻzbekiston OTB dasturi doirasida Chimkent, Toshkent, Xoʻjand shaharlari va unga tutash viloyatlar oʻrtasida yangi iqtisodiy yoʻlak yaratish boʻyicha hamkorlar bilan hamkorlikni davom ettiradi. “Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston” yana bir istiqbolli yoʻnalish ekani taʼkidlandi.
“Kazaxstan Temir Jolы” AJ boshqaruvi raisi Nurlan Sauranbayev yuk joʻnatuvchilar uchun yuk tashish shartlari, narxlar va barqarorlik muhim rol oʻynashini taʼkidladi. Shunga koʻra, islohotlarni amalga oshirishda aynan shu jihatlarga eʼtibor qaratish lozim.
TRACECA Hukumatlararo komissiyasi Bosh kotibi Aset Asavbayev:
“Toshkent xalqaro investitsiya forumi oʻtkaziladigan maydonda transport komponentiga kamida ikkita sessiya bagʻishlangan. Bu masalaning respublika uchun dolzarbligini koʻrsatadi. Transportning qulayligi muammolari birinchi oʻringa chiqadi. Yangi yoʻnalishlar yaratish boʻyicha olib borilayotgan ishlar katta kuch, sarmoya va mehnatni talab etadi. Shu munosabat bilan Oʻzbekistonga omad tilab qolaman”.
Pokiston Milliy Assambleyasi aʼzosi Muhammad Yoqub Shayx Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasida oʻzaro tovar ayirboshlash toʻrt yildan buyon amalga oshirilayotgani va bu vaqt ichida Oʻzbekiston shimoliga tovarlar yetkazib berish muddati uzoq boʻlganini hisobga olmaganda, jiddiy muammolar boʻlmaganini taʼkidladi.
“Albatta, biz birgalikda hal qilishimiz kerak boʻlgan qiyinchiliklar mavjud. Ulardan biri yuklarni dengizdan quruqlik transportiga qayta yuklashdir. Bu bir kundan bir yarim kungacha davom etadi. Biz yuklar hech qanday toʻsiqsiz Termizga yetib borishini istaymiz”, – dedi u.
“Pokiston Oʻzbekistonga katta hurmat-ehtirom bildiradi va mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish yoʻlidagi saʼy-harakatlarni yuksak qadrlaydi”.
Deutsche Bahn Engineering & Consulting GmbH kompaniyasining Qozogʻiston va Markaziy Osiyo boʻyicha direktori Ralf Napel bozorni transformatsiya qilish zarurligi haqida gapirdi. Uning fikricha, Oʻzbekiston kelajakda Kaspiy dengizi orqali Yevropaga janubiy yoʻnalishlarni rivojlantirishda muhim rol oʻynashi mumkin.
Shu tariqa, panel muhokamasi chogʻida ekspertlar transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, transport yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish zarurligi masalasini koʻtardi.
Forumning uchinchi kuni (26-mart) turistik shaharlar (Samarqand, Buxoro va Xiva) va sanoat korxonalariga tashrif buyurish rejalashtirilgan.