Poytaxtda Toshkent xalqaro investitsiya forumi boʻlib oʻtmoqda. Yirik anjuman doirasida “Transport tizimlarini raqamlashtirish” mavzusida mahalliy va xalqaro soha vakillari oʻrtasida muhokamalar boʻlib oʻtdi.
Transport vaziri oʻrinbosari Jasur Choriyev mamlakat transport tizimi raqamlashuvi borasida axborot berdi.
“Birinchidan, davlat sektorining barcha sohalarini raqamlashtirishga erishdik. Xususan, Transport vazirligida barcha xizmatlar va axborot almashinuv tizimini raqamli formatga oʻtkazdik. Alohida sohalar haqida gapiradigan boʻlsak, aviatsiya sohasida eng katta qadam – aeroportlar va “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK faoliyati va boshqaruvini toʻliq raqamlashtirdik. Bular barchasi hamkorlik aloqalarini oʻrnatish uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Temir yoʻl sohasida ham raqamlashtirish yoʻlidan bormoqdamiz. Xususan, tezyurar poyezdlar qatnovi yoʻlga qoʻyildi, chiptalar raqamli platforma orqali sotilmoqda. Toshkentda naqd pul oʻtkazmalari 50 foizga qisqardi, viloyatlarda ham shu jarayon davom etmoqda.
Raqamli davrda transportni rivojlantirish yoʻlovchi va yuk oqimlarini boshqarishni tashkil etishning yangi tamoyillari bilan belgilanadi. Logistika koridorlari, muqobil energiya va uchuvchisiz tizimlar ekotizimini yaxlit tarzda tashkil qilish sanoatni raqamlashtirishsiz amalga oshmaydi”, – dedi Choriyev.
Ayni vaqtda Shimoliy koridor oʻrnini bosuvchi Xitoy va Markaziy Osiyoni Turkiya va Janubiy Yevropa bilan bogʻlovchi “Oʻrta yoʻlak” (“Middle Corridor”) deb nomlanuvchi yoʻlagining roli ortib bormoqda. Shu bilan birga, tezlikni oshirish va xarajatlarni kamaytirish uchun koridorni yaxshilash kerak. Oʻrta Sharq biznes xabi boʻlgan DP World kompaniyasi operatsion bosh direktori Mahmud Al-Bastaqiy bu borada oʻz tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.
“Kompaniyamiz taʼminot zanjiri va logistikani optimallashtirish uchun raqamli vositalardan foydalanadi. Yuk tashishning avtomat tizimi yetkazib beruvchidan mijozning eshigigacha boʻlgan barcha barcha nuqtalarni oʻz ichiga olishini istaymiz. Raqamlashtirish transport sohasi uchun juda muhim. Agar raqamlashtirish boʻlmasa, korrupsiyaga yoʻl ochiladi: harakat sekinlashadi, yuk operatsiyalari sifati yomonlashadi.
Asosiy maqsadlarimizdan biri – Ipak yoʻlini tiklash. Buni amalga oshirish vaqti keldi. Bu muammoni hal qilishga yordam beradigan tizim – bu raqamlashtirish.
Anjuman doirasida Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi tajribasi haqida ham soʻz bordi. Ittifoq direktori Tatyana Rey-Bellet quyidagi fikrlarini bildirdi.
“Transport uyushmasiga nima kerak? Qatʼiylik. Hozir beqarorlik hukm surmoqda, qiyinchiliklar bor. Transport tizimini raqamlashtirish ushbu muammolarni hal qilishga yordam beradi, jumladan, hujjatlar elektron almashinuvi uchun bu juda muhim. Bugungi kunda xalqaro avtomobil tashuvlari sohasida ikkita raqamlashtirish tizimi mavjud – TIR va CMR va ularning ikkalasi ham BMT konvensiyasiga asoslangan. TIR dunyoning 77 davlatida, jumladan, Oʻzbekistonda ham amal qiladi. Oʻtgan yili biz sezilarli oʻsishni qayd etgandik, bu yil esa 40 foizga oʻsdi. Oʻzbekistonda TIRdan foydalanish tufayli avtomobillarda yuk tashish yangi bosqichga koʻtarildi”, – dedi Tatyana Rey-Bellet.
“Oʻzbekistonga birinchi marta 1992-yilda kelganman. Bugun mamlakatda katta oʻzgarishlar roʻy bermoqda”, – deydi Pokistondagi TCS Holdings kompaniyasining rivojlanish boʻyicha direktori Ahmad Zafar. “TCS Holdings Pokistondagi eng yirik logistika kompaniyasi. Biznesimiz raqamlashtirish tufayli rivojlanmoqda. tizimimizda olingan maʼlumotlar operatsion qarorlar qabul qilishga yordam beradi. Biz, shuningdek, 2018-yilda eTIRʻga qoʻshilgan Pokistondagi birinchi logistika kompaniyasi hisoblanamiz.
Bungacha Afgʻoniston orqali Oʻzbekistonga toʻrtta tijorat reyslarini amalga oshirgan edik. eTIR bizga faoliyatimizni yangicha bosqichda olib borishimizga imkon berdi. Ushbu tizim orqali maʼlumotlarni “bulut”da saqlash va yuk tashiladigan barcha harakatlanish nuqtalari elektron maʼlumotlarni uzatishimiz mumkin. eTIR global bogʻlanishga va bojxona organlarining integratsiyalashuviga yordam beradi” deya maʼlumot berdi Ahmad Zafar.
“Raqamlashtirish – davr talabi va u transport sohasida ham boʻlishi kerak”, – deydi TRACECA Hukumatlararo komissiyasi Bosh kotibi Asset Asavbayev. “13ta davlat biz bilan hamkorlik qiladi, jumladan, Oʻzbekiston ham. Ularning barchasi transport tizimini raqamlashtirish bilan shugʻullanmoqda.
Xalqaro tashabbuslarni amalga oshirish, ular muvozanatli tarzda amalga oshirilishi va nafaqat mamlakatingiz hududida, balki butun transport yoʻlagida ishlashi kerak. ECMR raqamli mediaga oʻtish boʻyicha ikkinchi tashabbusdir”, – deydi Asset Asavbayev.