Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyoda savdo oqimlarining transformatsiyasi va kapitallashuvi” sessiyasi ishtirokchilari bugungi kunda transport infratuzilmasini yaxshilash borasida soʻz yuritishdi, xususan, tovar yetkazib berishda kechikishlar kamayayotgani va ortiqcha toʻsiqlar bartaraf etilayotgani iqtisodiy koʻrsatkichlarga ijobiy taʼsir qilayotganini taʼkidlashdi.
Prezidentning iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va tashqi savdo siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi Ravshan Gʻulomov sessiyada soʻnggi yillarda mamlakatimizda qoʻshni davlatlarning qator kompaniyalari faol ravishda ochilayotganini qayd etdi. Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, turizm sohasida ham investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda.
Bu haqda Toshkent xalqaro forumida prezident Shavkat Mirziyoyev ham gapirdi. Aytilishicha, kelgusi besh yil ichida yalpi ichki mahsulot hajmini 100 milliard dollarga, yillik eksport hajmini esa 30 milliard dollarga yetkazish kutilmoqda. Bundan tashqari, yalpi ichki mahsulotda xususiy sektorning ulushi 80 foizga yetkaziladi. Maqsad – 2030-yilga borib Oʻzbekistonni dunyodagi eng yuqori daromadli davlatlar qatoriga kiritish.
VEON kompaniyalar guruhi bosh ijrochi direktori Kaan Terzioʻgʻlu mamlakat rivojida raqamlashtirish muhimligini taʼkidladi. Uning aytishicha, Oʻzbekistonda axborot texnologiyalarini joriy etish va kadrlar tayyorlash salohiyati mavjud, chunki raqamli texnologiyalar koʻplab sohalar: iqtisodiyot, taʼlim va ijtimoiy soha uchun zarur. Kaan Terzioʻgʻlu Markaziy Osiyo mamlakatlarida 5G tarmogʻi faoliyatini kengaytirish zarurligini gapirib oʻtdi.
Investitsiya va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari Badriddin Obidovning aytishicha, oʻtgan yili Yevropa Ittifoqining barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv boʻyicha maxsus imtiyozlar tizimi (GSP+) kuchga kirganini, bunda Oʻzbekiston benefitsiar davlat sifatida qabul qilingani haqida xabar berdi. Bu tizim, birinchi navbatda, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari investorlari va xususiy sektor vakillariga Oʻzbekistonda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkonini berdi.
Shu bilan birga, transport tizimini modernizatsiya qilish orqali Markaziy Osiyo mamlakatlari savdo aylanmasi oshishi, shuningdek, transport-logistika sohasidagi muammolarni hal etish hisobiga yangi raqobatdosh ustunliklarga ega boʻlishi mumkin.
Investitsiyalar boʻyicha davlat vaziri, Pokiston bosh vaziri huzuridagi Investitsiya kengashi raisi Muhammad Azfar Ahsan Oʻzbekiston xalqaro investorlar uchun oʻz eshiklarini ochayotganini taʼkidladi. Ushbu tashabbus doirasida Oʻzbekistonda Pokistonning 25ta firmasi faoliyat olib bormoqda. Bundan tashqari, hamkorlik natijasida dengiz portlariga chiqish orqali transport yoʻlaklarini rivojlantirish va xalqaro miqyosda hamkorlikni mustahkamlashga qiziqish ortmoqda.
Mintaqaviy integratsiya, ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlarining transport-tranzit salohiyatini oshiradi, shuningdek, yagona bozor sifatida uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.
“Savdo-logistika markazlari orqali logistikani tashkil qilish kerak”, – dedi Kyrgyz Eco LLC – “Kыrgыz Eko Eksport” bosh direktori Ulan Maksimbekov. “Koʻp narsa tovarlarning narxiga bogʻliq va bu, oʻz navbatida, yaxshi yoʻlga qoʻyilgan transport infratuzilmasiga borib taqaladi. Dunyoda roʻy berayotgan soʻnggi voqealar iqtisodiy hamkorlikda ham oʻzgarishlarga olib keladi, – dedi maʼruzachi. Yoʻllarni qisqartirsak, rivojlanish uchun yangi sharoit yaratamiz”.
Xalqaro miqyosda muvaffaqiyatli amalga oshirilgan loyihalardan biri Xitoyning Markaziy Osiyo tranzit salohiyatidan bevosita foydalanadigan “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi boʻldi. Eron, Afgʻoniston, Pokiston, Hindiston savdoning muhim yoʻnalishiga aylanishi mumkin.
Qirgʻiziston Respublikasi Iqtisodiyot va savdo vaziri oʻrinbosari Kanatbek Abdrahmanov Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi tarixiy hamkorlik haqida gapirdi. Uning aytishicha, qoʻshni davlatlar transport-logistika tizimini rivojlantirish salohiyatiga ega. Vazir oʻrinbosari Xitoy, Hindiston, Turkiya va Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan transport yoʻlaklarini tashkil etish istiqbollarini ham qayd etdi. U davom etayotgan xalqaro forum sohaning dolzarb masalalarini yuzma-yuz muhokama qilish uchun qulay imkoniyat ekanini, tashqi iqtisodiyotni rivojlantirish uchun yaratilgan yangi shart-sharoitlar ikki mamlakat aholisi uchun ish oʻrinlari yaratishini taʼkidladi.
Procter & Gamble kompaniyasining Kavkaz va Markaziy Osiyo boʻyicha bosh direktori Deger Kurtaslanoʻgʻlu kompaniya tajribasi haqida gapirdi. Bundan tashqari, ekspert Oʻzbekiston bugungi kunda xalqaro kompaniyalar tomonidan sarmoya kiritilishi uchun qulay muhitga ega ekanligini taʼkidladi.
Shuningdek, tadbir davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari yuqori eksport salohiyatiga ega ekanligi taʼkidlandi. Mahsulot qoʻshni mamlakat talabiga qarab ishlab chiqarilishi koʻzlangan maqsadga erishishga yordam beradigan muhim omildir.
Mangold Consulting prezidenti Klaus Mangold taʼkidlashicha, insonlarga sarmoya kiritish hech qachon oʻz ahamiyatini yoʻqotmaydi. Kichik va oʻrta biznes faqat takomillashtirilgan logistika bilan rivojlanadi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Yevropa bozoriga chiqish uchun transport yoʻnalishlarini takomillashtirayotganini taʼkidlab, yoshlarga oʻz ustida ishlab, soha rivojiga hissa qoʻshishlarini tiladi.