Poytaxtda xalqaro investitsiya forumi ish boshladi. Bu oʻz maydonida 1,5 mingdan ortiq yirik investor va 56 mamlakatdan oliy darajadagi mehmonlarni birlashtirgan bunday keng miqyosdagi ilk tadbir hisoblanadi.
Forumning ustuvor vazifalaridan biri — jahon ishbilarmonlar jamiyatiga milliy sayyohlik sektorining taʼsirchan istiqbollari va imkoniyatlarini xorij investorlari uchun ustuvor yoʻnalish sifatida ochib berishdan iborat.
Spikerlar Oʻzbekiston — 8 mingdan ortiq madaniy meros obyektini oʻzida jamlagan va shundan 200 dan koʻpi – toʻrtta shahar-muzey tarkibida YUNESKO butunjahon merosi obyektlari roʻyxatiga kiruvchi ulkan sayyohlik-rekreatsion potensialga ega mamlakat ekanligini taʼkidladi. Turizm sohasidagi davlat siyosati ushbu sohani hududlar va ularning infrastrukturasini tezkor kompleks rivojlantirish lokomotivlaridan biri sifatida takomillashtirishga yoʻnaltirilgan. Bu muhim ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni hal etish, ish oʻrinlarini koʻpaytirish, mamlakat imiji va investitsion jozibadorligini oshirishga imkon beradi.
— Bizda regulyatorlar, aeroportlar, mehmonxonalar bor. Menimcha, investitsiya va mablagʻsiz ular koʻp narsaga qodir emas. Turizm – bu odamlarni birlashtiruvchi soha. Bu yoʻnalish investitsiyalar uchun jozibali — taʼkidladi Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish agentligi direktori Ulugʻbek Qosimxoʻjayev. — 90ta mamlakat fuqarosi Oʻzbekistonga vizasiz tashrif buyura oladi, yana 60 davlat uni internet orqali olish imkoniyatiga ega, shuning uchun, ularning talablariga eʼtibor qaratishimiz kerak, deb hisoblayman. “Mehmon otangdan ulugʻ”, degan naql bor. Xorijiy investorlarni nima oʻziga jalb qilishi mumkin? Oʻzbekiston biznes uchun ochiq, turizm esa juda tez rivojlanmoqda.
2014 – 2019-yillarda Oʻzbekistonga keluvchi sayyohlar soni 1,9 milliondan 6,9 millionga yetdi. 2019-yilda mamlakatda global oʻzgarishlarni boshlab bergan tayanch hujjatlardan biri – 2019-2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida turizmni rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi va unda ishning asosiy yoʻnalishlarini belgilab berdi: turizm faoliyati sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, xalqaro meʼyor va standartlar implementatsiyasi, infrastrukturani rivojlantirish va Oʻzbekiston mehmonlari uchun qulay muhitni shakllantirish, turistik mahsulot va xizmatlar diversifikatsiyasi, mamlakat imijini sayohat qilish va dam olish uchun xavfsiz joy sifatida mustahkamlash.
— Turizm nafaqat daromad keltiradi, balki odamlarni ish bilan taʼminlaydi. Bu sohaga ayollarni jalb qilish muhim. Asosiy maqsad – byurokratik cheklovlarni olib tashlash, dedi Boeing mintaqaviy direktori Mario Yebsim. — Oʻzbekiston — Osiyoda oʻz drimlaynerlari – yoʻnalishlarni ochuvchi samolyotlariga ega boʻlgan birinchi mamlakat. 2017-yildan boshlab Nyu-Yorklik yoʻlovchilar ularda toʻgʻridan-toʻgʻri parvozlarni amalga oshirmoqda.
Ekspertlarning baholashicha, turistik xizmatlar uchun toʻgʻridan-toʻgʻri sarflangan har bir dollar turdosh sohalarda taxminan qoʻshimcha uch dollarni keltiradi. Koʻplab xorijlik sayyohlar uchun birdaniga Osiyodagi bir nechta mamlakatga tashrifni koʻzda tutuvchi turlar qiziq boʻlar edi.
— Agar odamlar sayohat qilmasa, mehmonxonalar ahmiyatini, odamlar esa ish joylarini yoʻqotadi. Shaxsan men Oʻzbekistonda turizm transformatsiyasini kuzatib, barcha oʻzgarishlarni ijobiy baholayman. Bu yerda turizmning rivojlanishi uchun hamma narsa bor, shuning uchun 2022-2023-yillarda biz Buxoroda mehmonxona ochishni rejalashtirmoqdamiz, — aytib oʻtdi Hyatt mintaqaviy vitse-prezidenti Punit Tandon. — Valyuta bilan bogʻliq cheklovlar olib tashlanganidan soʻng turizm dinamik rivojlanish yoʻliga oʻtdi. Qoʻshnilar bilan munosabatlarning yaxshilanishi – juda katta va foydali ish. Bundan tashqari, sizda Oʻzbekistonni boshqa mamlakatlar bilan birlashtiruvchi koʻplab avialiniyalar bor va bu investorlarda qiziqish uygʻotadi.
Soha xodimlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 1-maydan turizm sohasida yoshlar tashabbuslari uchun grantlar joriy qilinmoqda — yosh tadbirkorlar oʻz faoliyatini rivojlantirish uchun 50 mln soʻmgacha mablagʻga ega boʻlishi mumkin. Bu yerga eng kamida 5 kunlik muddatga kelgan har bir sayyoh uchun davlat byudjetidan $10, qish mavsumida — $25 ajratiladi.
— Ushbu forum — mamlakat taraqqiyoti uchun olamshumul voqea. Aeroportlar har bir hududda bor, ularning yaxshi faoliyat yuritishi turistik sohani rivojlantirish uchun juda muhim, — taʼkidladi Uzbekistan Airports boshqarma raisi Rano Joʻrayeva. — Hozirda mamlakatda mavjud aviaqatnovlarga talabni qoʻllab-quvvatlash uchun biz oʻtgan yili hududiy aviakompaniya tashkil etish tashabbusini ilgari surdik. Hududiy qatnovlar kam, ularni rivojlantirish kerak, shu bois biz 40ga yaqin yoʻnalishlarni ochishni rejalashtiryapmiz. Hozir odamlar avtotransport, poyezdlar orqali harakatlanib, biletlar taqchilligi singari noqulayliklarga duch kelishmoqda. Millionga yaqin odam oʻtgan yili milliy aviakompaniya xizmatlaridan foydalandi, biroq amalda bu koʻrsatkich bundan ancha yuqori va uni qondirish kerak. Yaqinda biz Samarqandda aeroport qurdik va davlat ushbu loyihani xususiy hamkorlar investitsiyalaridan foydalanib amalga oshirdi.
— Bizning kuchli tomonlarimiz bu – YUNESKO roʻyxatiga kirgan tarixiy shaharlar. Oʻzbekiston — sayyohlar uchun xavfsiz mamlakat, — dedi Oʻzbekiston Respublikasi turizm va madaniy meros vazirining birinchi oʻrinbosari Ulugʻbek Azamov. — Biz dam olish va turizm uchun maskanlarni rivojlantiryapmiz va investorlar uchun ochiqmiz. Oʻzbekiston xabga aylanib bormoqda, biz koʻplab xizmatlarni koʻrsatamiz, bunga esa munosib infrastruktura kerak. Agar turist Xivada sayr qilib, kokteyl ichishni xohlasa, unga bu imkoniyatni berish lozim.