Poytaxtimizda Toshkent xalqaro investitsiya forumi oʻz ishini davom ettirmoqda. Kuni kecha tadbir doirasida ilk kelishuvlar imzolandi, panel munozaralari, sessiyalar va davra suhbatlari oʻtkazildi. Ikkinchi kun ham birinchi kundan kam boʻlmagan voqealarga boy oʻtmoqda – kun tartibida muhokama qilinadigan koʻplab mavzular mavjud boʻlib, ulardan biri — yangilangan ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligi sanoati uchun yangi bozorlardir.
Shu nom ostidagi sessiya mahalliy va xorijiy ekspertlarni bir joyda birlashtirdi. Ular yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlarga oʻtish boʻyicha qanday qadamlar qoʻyilayotgani, shuningdek, investorlarning ushbu oʻzgarishlarda ishtirok etish istiqbollari, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va eksportni rivojlantirish bilan birga qishloq joylarda yuqori maoshli ish oʻrinlarini yaratish masalalari muhokama qilishdi.
Qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari, Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bosh direktori Alisher Toʻrayev bugungi kunga qadar amalga oshirilgan bir qancha muhim oʻzgarishlarni qayd etdi. Oʻzbek paxtasiga nisbatan boykot bekor qilindi va bu mamlakatimizning xalqaro bozorga sifatli mahsulotlar bilan qaytishimiz mumkinligini anglatadi. Bundan tashqari, xotin-qizlar va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularga 10 sotixdan 1 gektargacha boʻlgan yerdan yer ajratish loyihasi boshlangan boʻlib, bugungi kunga qadar 175 ming nafar fuqaroga yer uchastkasi ajratildi. Har bir santimetr yerni monitoring qilish maqsadida qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish yer taqsimlashdagi korrupsion holatlarni bartaraf etish uchun amalga oshirilmoqda. Qishloq xoʻjaligining barcha yoʻnalishida investorlar uchun katta imkoniyatlar mavjud. Masalan, unumdorligini yoʻqotgan tuproqni qayta tiklash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, bogʻdorchilikni yaxshilash, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni standartlashtirish va boshqa koʻp ishlarni amalga oshirish zarur.
Latviya qishloq xoʻjaligi vaziri Kaspars Gerxards oʻz nutqida yosh fermerlarning taʼlim olishiga alohida eʼtibor qaratdi. Oʻz davlatini misol qilib keltirar ekan, bu sohani rivojlantirishdagi asosiy masalalardan biri ekanini taʼkidladi. Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini koʻpaytirish uchun zarur boʻlgan vositalar qatorida vazir sarmoya, texnologik innovatsiyalarni davlat bilan birgalikda rivojlantirish, ijtimoiy sheriklik, mahsulotlarni sertifikatlashtirish va standartlashtirish, shuningdek, muhim muvaffaqiyatlarga erishilgan qishloq xoʻjaligi sohasini target qoʻllab-quvvatlash masalasini alohida taʼkidlab oʻtdi.
«Oʻzbekistonda butun oila men bilan birga ishlaydi va biz barcha yutuq hamda qiyinchiliklarni oʻzbeklar bilan baham koʻramiz, – deydi Silverleafe kompaniyasi bosh direktori Den Patterson. — Ha, biz bir qancha qiyinchiliklarga duch keldik, lekin islohotlar kompaniyamizning bu yerdagi imkoniyatlariga ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Ekotizim haqida tushunchani shakllantirish va investitsiyalarni yanada maqsadli hamda foydali qilish uchun tadqiqotlar oʻtkazish zarur. Fermerlarga suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun shart-sharoit yaratilgan – bu ayni kunlarda juda muhim. Shuningdek, biz ham mamlakatda suvni tejash texnologiyalari bilan bogʻliq rejalarni amalga oshirishni davom ettiramiz. Hozir biz hukumat va biznes oʻrtasidagi sogʻlom munosabatlar muhitini koʻrmoqdamiz va bu biz uchun hamkorlikni davom ettirish va uni rivojlantirish uchun ragʻbatlardan biridir. Biz logistika kompaniyasi ochishni va u orqali shaffof va qulay yetkazib berish sohasini rivojlantirish uchun investitsiyalarni jalb qilishni rejalashtirmoqdamiz.
Oʻzbekiston uchun qishloq xoʻjaligi muhim ahamiyatga ega, mamlakat sanoatida yalpi ichki mahsulotning 17 foizini aynan shu soha tashkil etadi, mehnatga layoqatli aholining uchdan biridan ortigʻi shu yoʻnalishda mehnat qiladi. Mahalliy mahsulotlarni eksport qilish, bu sohaga sarmoya jalb etish imkoniyatlari soʻzga chiqqanlar diqqat markazida boʻldi.
Xalqaro moliya korporatsiyasining biznesni rivojlantirish boʻyicha menejeri Lukas Keysi oʻz tashkiloti Oʻzbekiston iqtisodiyotining barcha sohalariga, jumladan, qishloq xoʻjaligiga sarmoya kiritishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi. Rama kompaniyasi bilan hamkorlik doirasida yaqinda Qoʻqon shahridagi oʻgʻitlar va Qashqadaryo viloyatida paxtani qayta ishlashga oid loyihalarga investitsiya kiritildi. Mutaxassis mahsulot eksporti uchun yaxshi infratuzilma muhim ahamiyatga ega ekanligini va bu investorlar uchun yaxshi imkoniyatlar yaratishini taʼkidladi. Yana bir qoʻshma loyihaning amalga oshirilishi, 300 ga yaqin brendlar tomonidan 2013-yilda oʻzbek paxtasiga nisbatan eʼlon qilgan boykotni bekor qilishga yordam berdi. Oʻtgan 3 yil davomida biz bu borada ish olib bordik va endi maqsadimizga erishib, Oʻzbekistonda ushbu ekinni barqaror rivojlantirish boʻyicha rejalar tuzishimiz mumkin.
FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakili oʻrinbosari Nabil Ganji Oʻzbekiston bilan hamkorlikda ish 2001-yilda boshlanganini taʼkidladi. Qishloq xoʻjaligi sohasida ekspertlar investorlar uchun katta istiqbollarni koʻrmoqda va fermerlar va yoshlarning daromadlarini oshirish yoʻllarini izlash, oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga alohida eʼtibor qaratish lozim, deb hisoblaydilar – bu mavzu hozir butun dunyoda dolzarb boʻlib qolmoqda. Agar 2017-yilgacha Oʻzbekiston asosan paxta eksport qilgan boʻlsa, hozirda xorijga joʻnatilayotgan mahsulotlarning asosiy qismi meva-sabzavot mahsulotlari boʻlib, bu raqamlashtirish va texnologiya tufayli amalga oshdi. Transformatsiyani davom ettirish uchun investitsiyalar kerak — ular soha xodimlari uchun imkoniyatlarni yanada kengaytiradi.