Bank sohasi mutaxassislari 25-mart kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Moliya bozori kapital bozorini rivojlantirishning harakatlantiruvchi omili” mavzusidagi panel munozarasida ishtirok etdi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston moliya bozorida qator muhim oʻzgarishlar roʻy berdi, xususan, 2022-2026-yillarda Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasiga muvofiq, fond bozori aylanmasini joriy etish orqali iqtisodiyotda moliyaviy resurslarni 200 million AQSH dollaridan 7 milliard dollargacha oshirish va davlat ulushi boʻlgan tijorat banklarida transformatsiya jarayonlarini yakunlash, 2026-yil oxiriga qadar bank tizimi aktivlarida xususiy sektor ulushini 60 foizga yetkazish koʻzda tutilmoqda. Bunda tijorat banklarida transformatsiyani jadallashtirish, subsidiyali kreditlashdan voz kechish, ularning moliyaviy vositachi sifatidagi rolini oshirish orqali davlat ulushiga ega tijorat banklarini faol ravishda zamonaviy institutlarga aylantirish ishlari koʻzda tutilgan.
Markaziy bank raisi oʻrinbosari, boshqaruv aʼzosi Abrorxoʻja Turdaliyev Oʻzbekistonda banklar uchun katta ahamiyatga ega boʻlgan kapital bozorini rivojlantirish borasida katta ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi. Bugun Oʻzbekistonda xorijiy investorlarning bozorga kirishi uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilayotgani juda muhim.
Turdialiyev fuqarolar ishonchi bilan bogʻliq mavjud muammolarga ham toʻxtalib oʻtdi. Bunga avvalroq naqd pul bilan bogʻliq muammolar tufayli aholi omonatlarini olishda qiynalayotgani sabab boʻlgan. Bugungi kunda fuqarolar omonatlari 100 foiz himoyalangan. Xizmat koʻrsatishni takomillashtirish, investorlar huquqlarini har qanday firibgarlik va yolgʻondan himoya qilish borasida ham ishlar olib borilmoqda. Koʻrilayotgan barcha chora-tadbirlar kapital bozorining yanada rivojlanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi shubhasiz.
Kelgusida mamlakatimizda milliy bozorni rivojlantirish, tartibga solish, infratuzilmani, moliya bozorining mavjud vositalarini takomillashtirish va xalqaro moliya institutlarini jalb qilish uchun mintaqaviy investitsiya moliya markazini tashkil etish nazarda tutilmoqda.
Buning uchun bugungi kunda bank tizimini avtomatlashtirish va xizmatlar koʻrsatish samaradorligini oshirish imkonini beruvchi yangi zamonaviy usullar joriy etilmoqda. Albatta, moliya bozorini tartibga solish juda qiyin ish. Trendlar doimo oʻzgarib borayotganligi sababli moliyaviy vositalar doirasini kengaytiradigan yangi tendensiyalar va mahsulotlar paydo boʻladi.
OTBning Xususiy sektor operatsiyalari departamenti bosh direktori Syuzanna Gaburi oʻz nutqida moliya bozorlari yangi ish oʻrinlarini yaratishi mumkin boʻlgan asosiy bozorlar ekanligini taʼkidladi.
“Oʻzbekistonda ekanimdan juda xursandman”, – deydi Syuzanna Gaburi. – “Yurtingizga birinchi marta 1993-yilda tashrif buyurganman. Mamlakatda roʻy berayotgan oʻzgarishlarni hayajon bilan kuzatyapmiz. Bugun biz moliya bozorini rivojlantirish uchun koʻplab imkoniyatlarni koʻrmoqdamiz. Biroq uning yaxshi ishlashi uchun turli xil vositalar, nou-xaularni joriy qilish kerak. Xususiy sektor moliyadan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak. Oʻzbekistonda bu borada hukumat tomonidan katta yordam koʻrsatilayotgani juda muhim. Oʻz navbatida, biz ham yordam koʻrsatishga, tajriba almashishga tayyormiz, bu amalga oshirilayotgan islohotlar sharoitida juda muhim. Moliya bozori har kuni global, texnologik va aqlli boʻlib bormoqda. Biroq, bunda hali ham xalq ishonchi juda muhim.
KPMG investitsiyalar va kapital bozorlari direktori Dmitriy Zalesskiy oʻz nutqida kapital bozorini rivojlantirish muhimligini gapirdi. Shu bilan birga, u bu masala faqat bank sektorini rivojlantirishga asoslanishi kerak emasligi, buning uchun investorlarni jalb qilish, xalqaro standartlarga javob beradigan infratuzilmani yaratish, nafaqat yirik bozor ishtirokchilarining ishonchini, balki oddiy aholi ishonchini qozonish muhimligini aytib oʻtdi. Odamlar mahalliy bozorga ishonishlari kerak.
Qozogʻiston “Xalq Bank” boshqaruvi raisi va direktorlar kengashi aʼzosi Umut Shayaxmetova oʻzi rahbarlik qilayotgan bank Oʻzbekistonda sarmoya kiritish sohasida ilk qadamlarni tashlaganini taʼkidladi. U banklarni xususiylashtirish va ularni boshqarishda davlat ulushini kamaytirish muhimligini aytdi. Aholining ishonchi muhim ekanligiga urgʻu berildi. Chunki aksiyadorlarning aksariyat qismi kichik tashkilotlardir. Uning fikricha, Oʻzbekistonda kelajakka nekbinlik bilan qarash imkonini beruvchi ulkan imkoniyatlar yaratilgan.
Sessiyada, shuningdek, mobil banking, moliyaviy xizmatlarni raqamlashtirish, fintech innovatsiyalari va ilgʻor texnologiyalar bank xizmatlarining kapital bozorlariga keng kirishni taʼminlash masalalari muhokama qilindi.