Forumning ikkinchi kuni ham esda qolarli boʻldi. Xususan, “Yangicha taʼlim va kelajak 50+” davra suhbati davomida qatnashchilar taʼlim tizimidagi joriy islohotlar va yangi texnologiyalarni yaratish kelajakda qanday namoyon boʻlishi, kelgusi 10-30 yil ichida nimalarga tayyor turish kerakligini muhokama qildilar.
Davra suhbati spikerlari: Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari Rustam Karimjonov, Oʻzbekiston Respublikasi Strategik rivojlanish agentligi bosh direktori oʻrinbosari Aleksey Sim, Toshketdagi Inha universiteti rektori Muzaffar Jalolov, Wilmotte & Associés boshqaruvchi direktori Borina Andriyo Oliver Wymanning Skandinaviya, Rossiya, Markaziy va Sharqiy Yevropadagi bozorlari rahbari Shon Kori.
Paynet, LeBazar, Astrum Akademiyasi asoschisi va Khan Academy Uzbek rahbari Botir Arifjanov tadbir moderatori boʻldi.
Tadbir davomida soʻzga chiqqanlar taʼlim sohasidagi tendensiyalar, yaqin kelajakda ehtiyoj paydo boʻladigan kasb-hunar va zarur koʻnikmalar, mamlakat salohiyatini inobatga olgan holda sifatli kadrlar tayyorlash jarayonini tashkil etish yuzasidan fikr almashishdi.
Muhokamada taʼlim tizimi evolyutsiyasini oldindan belgilash, toʻplangan tajribani taʼlim tizimi samaradorligini oshirishga moslashtirish, sunʼiy intellektning taʼsiri kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari Rustam Karimjonov sifatli taʼlimning muhimligini taʼkidlab, “oʻqituvchilar taʼlim sohasida asosiy vosita” ekanligini alohida qayd etdi. Sifatli taʼlim asosida oʻqituvchilarning bilimi yotadi.
Zamonaviy texnologiyalarning tinimsiz rivojlanishi va dunyoning oʻzgaruvchanligini hisobga olgan holda, zamon bilan hamnafas yashash kerak. Buning uchun esa hozirdanoq bugungi oʻzgarishlarni tahlil qilish va kelajakni oldindan koʻra bilish lozim. Demak, 2030-yilda sunʼiy intellektni rivojlantirish dolzarb masalaga aylanadi, 2050-yilga kelib “Smart House Design”, “Mobil dasturlash” atamalari koʻpchilikka tushunarli boʻladi.
Vazir oʻrinbosari, shuningdek, bolalarda mustaqillik, mustaqil taʼlimga boʻlgan ishtiyoqni kuchaytirish orqali ularni kelajakka tayyorlash zarurligini taʼkidladi.
“Dunyo oʻzgaryapti, biz ertaga nima boʻlishini oldindan aniq aytolmaymiz. Pandemiyaning soʻnggi 2 yilida barchamiz bunga guvoh boʻldik. Biz bolalarni kelajakka tayyorlashimiz kerak”, – dedi Rustam Karimjonov.
Oʻzbekistonda oliy oʻquv yurtlari soni jadal oʻsib bormoqda, ular orasida xalqaro va xususiy universitetlarning salmogʻi katta. Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Muzaffar Jalolov Oʻzbekiston 2030-yilga kelib Markaziy Osiyoning taʼlim markaziga aylanishini taʼkidladi.
Shuningdek, u taʼlim tizimini raqamlashtirish bugungi kunda qanchalik muhim ahamiyatga ega ekani haqida ham qoʻshimcha qildi. Pandemiya shuni koʻrsatdiki, hamma mamlakatlar ham onlayn formatga majburiy oʻtishga tayyor emas. Biroq, hozirda masofaviy taʼlim mashhurlikka erishmoqda. Yoshlarda yangi narsalarni oʻrganishga ishtiyoq bor va bunda ularga IT-texnologiyalar yordam beradi.
Oliver Wyman vakili Shon Kori yaqin yillar ichida koʻpgina soha vakillari, masalan, haydovchilar oʻrnini sunʼiy intellektli mashinalar egallashi mumkin degan fikrni ilgari surdi. Bundan tashqari, kelajak uchun rejalar tuzayotganda, internet va u bilan bogʻliq boʻlgan barcha narsalar tobora rivojlanib borishini hisobga olish lozim. Virtual haqiqat tobora reallikka aylanib boryapti – bu davra suhbatida qayta-qayta taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Strategik rivojlanish agentligi bosh direktori oʻrinbosari Aleksey Sim maʼlumotlarni yigʻish masalasiga qaytarkan, aynan uning yordamida kelajakda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarning oldini olish yoki xavfini kamaytirish mumkinligini aytdi. Tabiiyki, ularni oldindan aytish qiyin boʻladi, lekin vaziyatni oʻnglash uchun baʼzi holatlarni aniqlasa boʻladi.
– Bugun Oʻzbekiston yuqori texnologiyalarning barcha yoʻnalishlarida rivojlanish yoʻlidan bormoqda. Biomexanika, nanotexnologiyalar, vodorod energetikasi kabi tarmoqlar faol rivojlanyapti. Taraqqiyot yuqori malakali mutaxassislarni talab qiladi. Agar shu yoʻnalishda davom etsak, 5-10 yildan keyin bu sohalarda yetakchilar qatoriga kirishimiz mumkin, – dedi Aleksey Sim.