Toshkent xalqaro investitsiya forumining ikkinchi kunida “Elektronika va elektrotexnika: kelajakka nazar” mavzusidagi panel munozarasi boʻlib oʻtdi. Ushbu forumda 56 davlatdan 1,5 mingdan ortiq yirik investor va yuqori darajali mehmonlar jamlangan.
Mahalliy va xorijiy ekspertlar muhokama chogʻida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini oshirish, jahonning taniqli ishlab chiqaruvchilari bilan qoʻshma korxonalar tashkil etish masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun jalb etilayotgan xorijiy investorlar uchun jozibador shart-sharoitlarni yaratuvchi omillarni tahlil qildilar. Unda tashqari elektron mahsulotlar ishlab chiqarilishini rivojlantirish masalasi kun tartibiga chiqdi.
«Oʻtgan yili elektrotexnika sohasini rivojlantirishga 150 million dollar sarmoya kiritdik. Siemens, Samsung kabi yirik kompaniyalar kompaniyalarimiz bilan elektrotexnikani rivojlantirish boʻyicha shartnoma tuzdi”, — dedi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari Aziz Voitov. “Bu soha jadal rivojlanmoqda, unda 900dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.
Artel, “Oʻzelektroapparat-Electroshield”, FOTON kabi milliy korxonalar nafaqat ichki bozorga, balki qoʻshni respublikalarga ham mahsulot eksport qilmoqda. Bu Oʻzbekiston kelajakda elektrotexnika sohasida jahon brendlari bilan raqobatlasha olishidan dalolat beradi.
Mis elektrotexnika ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan metalldir. Ishlab chiqaruvchilar ehtiyojlarini qondirish uchun biz yangi mis konlari, mis ishlab chiqaruvchi korxonalar ochmoqdamiz. Hukumat chet ellik investorlar uchun soliq yukini 50 foizga kamaytirish shaklida shart-sharoit yaratadi.
Elektrotexnika sanoatining xalqaro bozori xalqaro iqtisodiyotning eng jadal rivojlanayotgan segmentlaridan biridir. Uning jahondagi hajmi deyarli 1,2 trillion dollarga baholanmoqda. Xalqaro tadqiqotlar maʼlumotlariga koʻra, yuqori qoʻshimcha qiymatga ega boʻlgan sanoat tovarlari va xizmatlarini ishlab chiqarish qulay geografik joylashuvga ega boʻlgan va yalpi ichki mahsulotga nisbatan ilmiy-tadqiqot ishlari boʻyicha xarajatlar boʻyicha yetakchi boʻlgan mamlakatlarda rivojlangan. Oʻzbekistonda ham ushbu sohani rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda va uning ishtirokchilari oʻz oldiga ulkan rejalar belgilab bormoqda.
“Oʻeltexsanoat” uyushmasi boshqaruvi raisi Mirziyod Yunusov elektronika va elektrotexnika Oʻzbekiston iqtisodiyotining asosiy yoʻnalishlaridan biri ekanini alohida taʼkidladi.
«Sanoatning mahsuldorligi oshib bormoqda va biz uning boshqa sohalarga qanday taʼsir qilishini amaliyotda koʻryapmiz. Shunisi eʼtiborga loyiqki, energiyadan tortib elektr stansiyasining ishlashi va maishiy xizmat koʻrsatish uchun jihozlargacha – hammasi mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan amalga oshiriladi.
Ushbu sohada 900dan ortiq korxona faoliyat yuritadi, ulardan 400tasi uyushmamiz tarkibida. Mahalliy standartlarimizni xalqaro darajaga moslashtirishga harakat qilyapmiz. Har qanday davlatda qoʻshilgan qiymatga ega boʻlgan mahsulotlar strategiyaning asosi boʻlib, Oʻzbekiston ham bundan mustasno emas.
Koʻpgina kompaniyalar allaqachon oʻz strategiyasini oʻzgartirib, yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga eʼtibor qaratmoqda. Bu soha nafaqat eksport geografiyasini kengaytiradi, balki eksport qilinadigan mahsulotlar sifatini ham oshiradi. Sektorni rivojlantirish uchun biz ilmiy-tadqiqot xarajatlarini oshirishimiz kerak.
Xususiy kompaniyalar uchun inson kapitaliga sarmoya kiritish uchun sharoit yaratishimiz lozim. Bugungi kunda Oʻzbekiston iqtisodiyoti jozibador imijga ega: xavf darajasining pastligi, mintaqaviy bozorning yuqori salohiyati, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi investorlar qiziqishini kuchaytirmoqda. Bizda xorijiy kompaniyalar investitsiyasini jalb qilish va ularga resurslardan foydalanish imkoniyatini berish imkoniyati mavjud. Oʻzbekiston yaqinda Yevropa Ittifoqining GSP+ umumiy imtiyozlar tizimiga qoʻshildi.
“Texnopark” masʼuliyati cheklangan jamiyati direktori Sarvar Ahadov taʼkidlashicha, endilikda “yashil” ishlab chiqarishni rivojlantirish, quyosh batareyalari energiyasidan samarali mahsulotlar ishlab chiqarish zarur. Ekotizimga yetkaziladigan zararni kamaytirish uchun ozonsiz muzlatgichlar ishlab chiqarish muhim. Bu allaqachon mavjud boʻlgan siyosatning shaffofligi, qogʻozbozlikni qisqartirish va soliq imtiyozlari fonida investorlarni oʻziga jalb qiladi.
“Oʻzbekistonning investorlar uchun jozibadorligi yanada yuqori boʻlishi mumkin”, – deydi Artel Electronics kompaniyasi Kuzatuv kengashi aʼzosi Kim Yu Tak. “Ularni ragʻbatlantirish uchun bozorga qulaylik va narx raqobatbardoshligi zarur. Mamlakat mintaqa ichida juda yuqori talabga ega, barcha qoʻshni davlatlar bilan savdo shartnomalari mavjud. Oʻzbekistonda narx siyosati juda raqobatbardosh, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda. Eʼtibor talab qiladigan ayrim jihatlar bor, masalan, malakali mutaxassislar sonini koʻpaytirish muhim, shuning uchun xususiy kompaniyalar oʻz xodimlarining taʼlimiga sarmoya kiritadilar”.