24-mart kuni Toshkent investitsiya forumi doirasida 2022-2026-yillarda Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasida belgilab berilgan Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish va yangilashning ustuvor yoʻnalishlari hamda asosiy vazifalardan biri boʻlgan “Savdoni erkinlashtirish va iqtisodiy integratsiya” mavzusidagi panel muhokamasi boʻlib oʻtdi.
Birlamchi maqsad — savdoni erkinlashtirish va iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishdan iborat boʻlib, bu pirovardida Oʻzbekistonning tashqi savdodagi mavqeini mustahkamlash, shuningdek, iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirish va xalq farovonligini yanada oshirishni taʼminlaydi.
Moderator sifatida XMK yangi bozorlarni yaratish boʻyicha maslahat dasturlari katta menejeri Dahlia Xalifa ishtirok etdi.
Soʻzga chiqqan spikerlar:
Sodiq Safoyev, Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari;
Galina Saidova, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari boʻyicha maslahatchisi oʻrinbosari;
Badriddin Abidov, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari;
Syangchen Chjan, Jahon savdo tashkiloti bosh direktori oʻrinbosari;
Shtefan Fyule, 2010-2014-yillardagi kengayish va qoʻshnichilik siyosati boʻyicha Yevropa komissari:
– Har bir islohot ortida puxta oʻylangan harakatlar dasturi bor, – dedi Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safayev. – 2016 yildan buyon Oʻzbekistonda chuqur keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi, buning natijasida mamlakatimiz yanada ochiq boʻldi, yaqin va uzoq xorij davlatlari bilan hamkorlik yangi bosqichga koʻtarildi, yaqin muloqot yoʻlga qoʻyildi. Yangi Oʻzbekiston yaqin xalqaro hamkorlik siyosatini, jumladan, Xitoy, Turkiya, AQSH va boshqa davlatlar bilan savdo-sotiq sohasida shakllantirmoqda.
Islohotlarning asosiy yoʻnalishlari, jumladan, erkin jamiyat, adolat, qonun ustuvorligi, demokratlashtirish va liberal bozor iqtisodiyotini barpo etish kabilar qayd etildi. Shuningdek iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, Oʻzbekistonning tashqi savdodagi oʻrni mustahkamlanishini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ham maʼlum qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari boʻyicha maslahatchisi oʻrinbosari Galina Saidova soʻzga chiqdi:
– Maʼlumki, biz valyuta bozorini tez va samarali liberallashtirishni amalga oshirdik. Bu tashqi bozorni rivojlantirish uchun ham eng kuchli va samarali vositadir. Natijada tashqi iqtisodiy biznes ishtirokchilari soni ikki barobar oshdi. Eksport 1,4 barobar, import esa 2 barobar oshdi. Endi AQSH, Kanada va boshqa mamlakatlar bozorlari biz uchun ochildi. Boshqacha aytganda, tashqi savdo sohasida koʻplab yutuqlarga erishdik.
– Biz, birinchi navbatda, qoʻshilgan qiymat zanjirlarini yaratish mexanizmini joriy qilmoqdamiz. Paxta eksportidan 800 million dollardan 1 milliard dollargacha daromad oldik. Endi biz bundan amalda voz kechdik, shu kungacha faqatgina toʻqimachilik mahsulotlarining oʻzidan 3 milliard dollarlik eksport qildik. Ammo, shunga qaramay bozorni erkinlashtirish va yuqori maoshli ish oʻrinlarini saqlab qolish oʻrtasida muvozanatni saqlash zarur. Bu muammoni hal qilish orqali biz liberallashtirishning keyingi bosqichiga sakrash imkoniyatiga ega boʻlamiz», – deya xulosa qildi Galina Saidova.
Jahon savdo tashkiloti bosh direktori oʻrinbosari Syanchjen Chjan savdo munosabatlarini mustahkamlash va erkinlashtirishning asosiy omillarini sanab oʻtdi. Ular orasida – zamonaviylik tendensiyalari bilan hamnafas boʻlish, tezkorlik bilan olgʻa intilish, liberallashtirishni idoraviy islohotlar bilan uygʻunlashtirish, salohiyatni oshirish – bu yoʻnalishda muvaffaqiyatga erishgan mamlakatlarning bilim va tajribasi. Pandemiya oqibatlariga qaramay, savdo aloqalari va iqtisodiyotni saqlab qolish mamlakatning ustuvor vazifalari boʻlib kelgan va shunday boʻlib qoladi. Shu vaqt ichida mahalliy tadbirkorlarga katta koʻmak koʻrsatildi va hozirda ularning barqaror oʻsib borayotganini koʻrib turibmiz. 2020-yilda pandemiya tufayli Oʻzbekistonning JSTga aʼzoligi masalasi toʻxtab qolgandi, biroq biz bu yoʻnalishdagi ishlarni davom ettirmoqdamiz. Kirish uchun 30 dan ortiq hujjatlar allaqachon topshirilgan. Hozir biz bor eʼtiborimizni JSTning barcha standart va meʼyorlariga erishishga qaratmoqdamiz», — dedi Jahon savdo tashkiloti bosh direktori oʻrinbosari Syanchen Chjan.
2010-2014-yillarda kengayish va qoʻshnichilik siyosati boʻyicha Yevropa komissari Shtefan Fyule oʻz nutqi davomida Oʻzbekistonni jahon savdosiga keng integratsiyalashuvida qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
– Ishonchim komilki, hozir shunday keng koʻlamli xalqaro forumni oʻtkazish uchun eng qulay vaqt, – dedi Shtefan Fyule. – Mamlakat rahbariyati jiddiy islohotlarga qanday “yashil chiroq” yoqayotganini, Oʻzbekiston investitsiya uchun jozibador mintaqaga aylanganini koʻrib turibmiz. Islohotlar qancha koʻp boʻlsa, mamlakatdagi ishbilarmonlik muhitiga, demak, savdoga shunchalik yaxshi taʼsir qiladi.
Mamlakatlarning mintaqaviy va jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuvi ishlab chiqarish va qayta ishlash tarmoqlari tovarlari uchun katta bozorni shakllantirishga olib keladi, yuqori qoʻshimcha qiymatga ega boʻlgan chuqur qayta ishlanadigan mahsulotlarni olish imkonini beradi. Bu mamlakatlarga uchinchi davlatlar bozorlariga birgalikda chiqish, ishlab chiqarishda, tashqi savdoda tarkibiy oʻzgarishlarni amalga oshirish, ilgʻor texnologiyalar va eng yangi texnologiyalarga oʻtish imkonini beradi.
2022-2026-yillarda yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasiga muvofiq bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish, jumladan, Oʻzbekiston aʼzoligining Jahon savdo tashkilotiga taʼsirini oʻrganish, uning kelishuv talablarini tartibga solish normalarini joriy etish boʻyicha tegishli takliflarni ishlab chiqish koʻzda tutilgan.
Har qanday davlatning integratsiya jarayonidagi ustuvor yoʻnalishlari kuchli sanoat-innovatsion bazani yaratish va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish orqali iqtisodiyotning raqobatbardoshligiga erishishdan iborat.