25-mart kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Mashinasozlik sohasidagi innovatsiyalar” mavzusidagi panel munozarasi boʻlib oʻtdi.
Moderator sifatida “Oʻzavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi oʻrinbosari Azizbek Shukurov ishtirok etdi. Yigʻilgan iqtisodiyot sohasi vakillari mashinasozlik yoʻnalishiga zamonaviy yondashuvlarni koʻrib chiqish, oʻsish imkoniyatlarini oʻrganish imkoniga ega boʻldi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Investitsiya loyihalarini rivojlantirish markazi direktorining birinchi oʻrinbosari Murat Mirzayev mashinasozlik sohasidagi salohiyat haqida soʻz yuritdi. — Bozor tomonidan qabul qilingan innovatsion mahsulotlargina yaxshi sotila oladi, deya taʼkidladi u. Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ishlanmalar va loyihalar davlat darajasida, jumladan, soliq imtiyozlari va boshqa imtiyozlar orqali qoʻllab-quvvatlanadi. Shuningdek, spiker kadrlar tayyorlash, texnologik mahsulotlar eksporti aylanmasini koʻpaytirish va ularni mahalliy sanoat maydonlarida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish chora-tadbirlari haqida ham toʻxtaldi.
– Uskunalar va butlovchi qismlar ishlab chiqarish hisobiga biz arzon logistika xarajatlari evaziga yuqori eksport surʼatlarini taʼminlashimiz, shuningdek, yangi ish oʻrinlarini yaratishimiz mumkin, – dedi spiker. – Soʻnggi inqiroz shuni koʻrsatdiki, koʻplab taʼminot zanjirlari uzilgan, shuning uchun biz mamlakat ichida oʻz taʼminot zanjirlarini yaratishga majbur boʻldik. Shuningdek, muhandislik va logistika bilan shugʻullanuvchi boshqa davlatlar bilan ham aloqalarni rivojlantirishni rejalashtirganmiz.
General Motors International kompaniyasining hukumat bilan aloqalar va davlat siyosati boʻyicha direktori Tom Kargill moderatorning savoliga javob berar ekan, avtomobil bozorida sezilarli oʻzgarishlar roʻy berganini qayd etdi. Bugungi kunda, masalan, avtomobillar ishlab chiqarish bilan bogʻliq holda, iqlim oʻzgarishiga moslashish masalalarini ham hisobga olish kerak, deya taʼkidladi Tom Kargill.
Innovatsiyalarga misol sifatida inson aralashuvisiz kameralar va radarlar tomonidan boshqariladigan avtonom avtomobillar, taksilarni keltirish mumkin. Bu yoʻlovchi tashish sohasini butunlay oʻzgartiradi. Normalar va standartlarga rioya qilmasangiz, siz elektr akkumulyatorlarida avtomobillardan foydalana olmaysiz, dedi spiker. Shuningdek, u turli mamlakatlarda transport vositalaridan foydalanishning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olish muhimligini taʼkidladi. Misol uchun, Yevropada hozirda elektr transport vositalarini xarid qilishda katta oʻsish kuzatilmoqda. Yevropa Ittifoqi elektromobillar, zaryadlash stansiyalari uchun yangi qoidalarni ishlab chiqmoqda. Bu borada atrof-muhitni ifloslantirmaydigan transportdan foydalanishni ragʻbatlantiradigan ushbu mamlakatlarda hukumatning roli katta.
– General Motors Oʻzbekistonda ishlayotganidan faxrlanadi. Bu yerda mutaxassislari nafaqat mahalliy, balki tashqi bozor uchun ham mahsulot ishlab chiqaradigan korxona joylashgan. Kuni kecha prezident nutqini eshitib, qarashlari bilan yaqindan tanishdik. Mashinasozlik kabi sohada islohotlar kerak, mahalliylashtirish, ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish zarur, deb oʻylayman.
Oʻz navbatida UzAuto Motors bosh direktori Bo Andersson Oʻzbekistonda yetti oydan beri boʻlib turgani, Asakadagi ishlab chiqarish bilan tanishgani haqida soʻzlab berdi. U Oʻzbekiston aholisining oʻziga xosligini taʼkidladi, ularning asosiy qismini yoshlar tashkil etadi – 60 foiz.
«Bu yerda yosh mutaxassislar, yosh jamoa ishlayotgani meni hayratda qoldirdi, – dedi Bo Andersson. – Biz yoqilgʻini tejashga yordam beruvchi takomillashtirilgan turbo tizimiga ega yangi Treker yaratmoqchimiz. Mashinalarni ishlab chiqarish ikki mingga yaqin qismlarni talab qiladi.
U avtomobillar ishlab chiqarishni koʻpaytirish, avtomobilsozlik sanoati uchun zarur butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish rejalari haqida gapirdi. Baʼzi isteʼmolchilar uzoq vaqt navbat kutishga majbur boʻlayotganidan shikoyat qilishadi. Shu sababdan ham, biz nafaqat mahalliy bozorga eʼtibor qaratamiz, balki ishlab chiqarishimizni yanada yaxshilashga harakat qilamiz.
John Deere kompaniyasining MDH boʻyicha direktori Aleksey Kuznetsov xorijiy kompaniyaning Oʻzbekistondagi rejalari haqida gapirdi.
– Biz texnologiya va innovatsiyalarga eʼtibor qaratamiz. Qishloq xoʻjaligi sohasi endi avvalgidek emas, unda mashina mehnatidan foydalaniladi, sohani raqamlashtirish amalga oshirilmoqda. Yaqinda oʻzbek paxtasiga boykot bekor qilindi. Oʻylaymanki, bu ushbu yoʻnalishni rivojlantirish uchun yaxshi imkoniyat boʻladi. Shu bilan birga, rivojlanish haqida gapirganda, mahalliylashtirishni hech qanday tejamkorlik bilan amalga oshirish mumkin emasligini tushunishimiz kerak. Bundan tashqari, tovarlarning sifati muhim ahamiyatga ega.
Sessiya ishtirokchilari raqobatbardosh, sifatli, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish ustuvor yoʻnalish ekanligi haqida bir toʻxtamga keldilar.
Deutsche Bahn Engineering & Consulting G kompaniyasining Oʻzbekistondagi vakili Innokenty Belyakov-Zagumennov Oʻzbekistonda yuk aylanmasi ortib borayotganini alohida taʼkidlab, imkon qadar mahsulot eksporti ustida ishlash zarurligini taʼkidladi. Buning uchun nafaqat investitsiyalar, balki tranzit, transport yoʻlaklarini yaratish va temir yoʻl kommunikatsiyalari ham muhim oʻrin tutadigan “yashil” kun tartibi masalalari boʻyicha hamkor davlatlar bilan sheriklik qilish zarur.
– Oʻzbekiston biz uchun strategik hamkor, – dedi Innokentiy Belyakov-Zagumennov. – Biz temir yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish ustida ham ishlayapmiz. Mamlakat qanday oʻzgarib borayotganini koʻrib turibmiz. Buni temir yoʻl qatnovi imkoniyatlaridan foydalangan holda kuzatish mumkin. Biz, shuningdek, Toshkent metropolitenini kengaytirishda ham qatnashganmiz. Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning qoq markazida va davom etayotgan voqealar markazida joylashganini alohida taʼkidlamoqchiman. Biz nafaqat trans-afgʻon yoʻnalishini, balki trans-qirgʻiz yoʻnalishida rivojlantirish ham alohida oʻrin tutayotganini koʻramiz. Oʻzbekistonning logistika markaziga aylanish salohiyati ham mavjud.
Ishtirokchilar nafaqat ushbu bozordagi vaziyatni, balki yangi kadrlar tayyorlash istiqbollarini, istiqbolli sohani rivojlantirish uchun innovatsion yondashuvlarni joriy etish va zamonaviy yechimlardan foydalanish masalasini ham muhokama qildilar.