24-26-mart kunlari birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF) boʻlib oʻtadi. Dunyoning turli mamlakatlarining ishbilarmon va siyosiy doiralar vakillari Forum ishtirokchilari va mehmonlari boʻladi.
Ayni paytda Forumda qatnashish maqsadida dunyoning 56 mamlakatidan 1,5 mingdan ortiq kishi, shu jumladan, xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari murojaat qildi.
Forum xalqaro kun tartibidagi muhim voqeaga aylanadi. Tadbir dasturi panel sessiyalari, alohida mavzularga doir muhokamalar va davra suhbatlariga boy boʻladi. Uning davomida Oʻzbekiston va mintaqa mamlakatlarining investitsiyaviy, savdo, sanoat, transport va tranzit salohiyati ochib beriladi, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish boʻyicha navbatdagi tadbirlar haqida soʻz boradi, hukumatning mamlakatni strategik rivojlantirish, xususiy sektorni ragʻbatlantirish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash va boshqa yoʻnalishlaridagi ustuvor vazifalari belgilanadi.
Shuningdek, forumda Oʻzbekistonning turli tarmoqlari va hududlarining investitsiyaviy va savdo imkoniyatlari, moliya bozorini rivojlantirish istiqbollari, mahalliy sanoatni modernizatsiya qilish va raqamlashtirish, savdoni liberallashtirish va mamlakatni mintaqaviy va xalqaro bozorlarga integratsiyalash chora-tadbirlari toʻgʻrisida taqdimotlar boʻlib oʻtadi.
Forum, shuningdek, mushtarak maqsadlarga javob beruvchi loyihalar va tashabbuslar doirasida oʻzaro manfaatli hamkorlikning istiqbollari va amaliy jihatlarini muhokama qilish maqsadida G2G, G2B i B2B shakllarida ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralarni oʻtkazish uchun samarali maydonga aylanadi.
Forum tadbirlari Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Youtube kanalida (https://www.youtube.com/channel/UCx7K-H57jEeBloro7YH7bNQ/featured), shuningdek, Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlaridagi Vazirlikning axborot resurslarida toʻgʻridan-toʻgʻri uzatiladi. Dunyoning istalgan nuqtasidan Internetga ulangan har qanday tomoshabin translyatsiyani tomosha qilish imkoniyatiga ega boʻladi.
Forumda qatnashish uchun 20-martgacha http://www.iift.uz saytida roʻyxatdan oʻtish mumkin.